+998 55 406 04 55
Qashqadaryo viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi
Hayvonlarni davlat veterinariya xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazish va identifikatsiya qildirish majburiydir. Identifikatsiya qilinmagan hayvonlarni saqlash va boqish taqiqlanadi. Identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut va/yoki veterinariya pasporti bo‘lmagan hayvonlar identifikatsiya qilinmagan hisoblanadi va ular nazoratsiz hisoblanib, belgilangan tartibda egasini aniqlash uchun tutib olinadi.
So‘yiladigan hayvonlarni tijorat maqsadlarida faqat ixtisoslashgan so‘yish korxonasida so‘yish majburiydir (veterinariya vrachining ruxsati bilan shaxsiy ehtiyoj uchun so‘yish bundan mustasno)!
Hayvon egalari hayvon sotilganligi yoki hadya qilinganligini veterinariya pasportida Davlat veterinariya xizmati vakiliga tasdiqlatishga majburdir! Bunda, hayvon egalari o‘zlarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ham taqdim etadi.
Xaridor (oluvchi) hayvonni sotib olganda (hadya olganda), doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat veterinariya xizmati vakiliga yetti kun ichida hayvonni hisobga qo‘yish uchun murojaat qilishga majburdir!
Qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari tug‘ilgandan 14 kun o‘tgach, 1 oylikdan kechikmasdan hisobga olinadi.
Qulunlar va xo‘tiklar 4 oyligidan hisobga olinadi.
Cho‘chqa bolalari 1 oyligidan hisobga olinadi.
It va mushuklar 3 oyligidan hisobga olinadi.
Itlar ochiq joylarda yoki buning uchun maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildiriladi, itning egasi it qochib ketmasligi yoki odamlar va boshqa hayvonlarga hujum qilmasligini ta’minlashi lozim. Shuningdek, it bo‘yinbog‘iga jeton mahkamlangan holda yetovda olib yurib sayr qildirilishi kerak.
It ochiq joylarda sayr qildirilganda, u tumshuqbog‘da va 2 metrgacha uzunlikdagi yetovda, jamoat joylarida esa 1 metrgacha uzunlikdagi yetovda bo‘lishi lozim.
Ko‘chalarda qarovsiz va daydi it va mushuklar paydo bo‘lgan taqdirda, darhol shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limiga xabar berish zarur.
Ko‘p qavatli uylarning alohida kvartirasida qo‘shnilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan it va bitta mushukni saqlashga ruxsat etilgan bo‘lsa, alohida uy hovlilarida itlarni faqat bog‘langan holda saqlashga ruxsat etiladi.